|
Axborot globallashuvi.
|
O'zbekiston ommaviy axborot vositalari bu jarayonda qanday ishtirok etmoqda?
Ming yilligimizning oxiriga kelib, insoniyat tarixida kuzatilmagan va dunyoni umuman boshqa yo'nalishga burib yuborgan "g'ayritabiiy hodisa" (globallashuv)ga guvoh bo'ldik.
Globallashuv jarayonining kelib chiqishi va unda OAVning roli to'g'risida gapirishdan oldin "globallashuv" terminiga izoh bersak. "Globalizatsiya" - "gloub" (inglizchadan "globe", ya'ni yer shari), "global" ("global", ya'ni butun dunyoga tegishli) va "globallashuv" ("globalize", ya'ni butun dunyoga tarqalishi) so'zlaridan kelib chiqqan.
2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin dunyo siyosati mazmun-mohiyat jihatidan mutlaqo yangi va murakkab bosqichga o'tdi, xalqaro siyosatdagi manfaatlar kuch va qutblarining markazlarida ham jiddiy tuzilmaviy o'zgarishlar yuz berdi. Qo'poruvchilik harakatlari natijasida xalqaro jurnalistikada mavjud huquqiy me'yorlar va kasbiy etikaning OAV hamda jurnalistlar tomonidan suiiste'mol qilinishi, kasbiy vakolatlar, majburiyatlarning qo'pol tarzda buzilishi, eng muhimi, mustaqil va xolis fikr bildirishga nisbatan mas'uliyatning kamayishi hollari butun dunyo miqyosida kuchaydi. Hozirgi kunda xalqaro munosabatlar, kapital va moliyaviy institutlarning kengayishi natijasida ommaviy axborot vositalari ham jahon tarixida misli ko'rilmagan tarzda globallashib bormoqda. Muayyan bir millat va davlatga yoki ma'lum bir siyosiy kuchlargagina daxldor bo'lgan munosabatlar va aloqalar hamda hududiy chegaralardan chiqib, gibrid xarakterga ega bo'lgan o'ta murakkab siyosiy-ijtimoiy va madaniy voqelikka aylanmoqda. Mazkur jarayonlar O'zbekiston siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy va ma'naviy hayotiga, xususan, mamlakat OAViga jiddiy va kuchli ta'sir ko'rsata boshladi. Negaki, globallashuv jarayoni shiddat bilan kechayotgan hozirgi davrda O'zbekiston mustaqil, ochiq va demokratik tamoyillar asosida rivojlanayotgan davlat sifatida ushbu voqelik ta'siridan chetda qola olmaydi. Shuningdek, XXI asrning boshiga kelib dunyoda shunday bir siyosiy-iqtisodiy vaziyat yuzaga keldiki, u O'zbekistonni bevosita xalqaro hamjamiyat va xalqaro almashish jarayonlariga shiddat bilan integratsiyalashishini talab qilmoqda.
Ayni paytda O'zbekiston OAVlari ta'sir doirasining cheklanganligi, chuqur iqtisodiy asos va axborot bozorining to'la qaror topmaganligi, jahon axborot tarmoqlariga kirib borishining sustligi mamlakat OAVlarining global axborot almashish jarayonlarida faol ishtirok etishiga to'sqinlik qilmoqda. Natijada dunyo hamjamiyati O'zbekiston to'g'risidagi axborotlarni uchinchi manbalardan yoki jahon jurnalistikasida katta ta'sir doirasiga ega bo'lgan Rossiya OAVlari orqali olmoqda. Bu esa o'z navbatida butun dunyoda ayrim hollarda O'zbekiston to'g'risidagi noxolis va noto'g'ri tasavvurlarning hamda fikrlarning tarqalishiga olib kelmoqda, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro'siga putur yetmoqda.
Axborot asri sifatida talqin etilayotgan yangi yuz yillikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan internetning shiddat bilan rivojlanib borayotganligi insoniyat taraqqiyotiga yangicha mazmun va mohiyat ato qildi. Davlat va jamiyat rivojlanishining mazkur yangicha shakli "elektron" borliq ko'rinishida xarakterlanib, uning kelajagini aloqa tarmoqlari orqali butun dunyoni yagona axborot makoniga aylantirayotgan millionlab baytlar va bitlar hal qilmoqda. Internet davlat va xalqlar o'rtasidagi axborot almashishni misli ko'rilmagan darajada tezlashtirdi, dunyoni insoniyat uchun tom ma'nodagi yagona global makonga aylantirdi.
Ta'kidlash kerakki, globallashuv jarayonining harakat manbai hisoblanmish G'arbning (asosan AQSh) yirik iqtisodiy kuchlari butun dunyoni o'zlarining korporativ manfaatlarigagina javob beruvchi va xizmat qiluvchi "yagona xom ashyo, iste'mol, ishlab chiqarish va axborot bozori"ga aylantirishga urinmoqdalar. Globallashuv jarayoni G'arb davlatlarining umumiy manfaatlari himoyasida ham asosiy o'rin egalladi. Ajablanarli tomoni shundaki, 6,3 milliard kishidan iborat jahon aholisining faqatgina 1 milliardga yaqini istiqomat qiluvchi G'arb davlatlari dunyodagi mavjud iqtisodiy resurslarning 80 foizini nazorat qilmoqda. Sayyoramiz aholisining bor-yo'g'i 1 foizi dunyo boyliklarining 60 foiziga ega.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, globallashuv jarayoni insoniyatning, xususan, OAVning rivojlanishi uchun (o'zining barcha ta'sir va oqibatlariga qaramasdan) juda qulay imkoniyatlar yaratib bermoqda. Xususan, O'zbekiston ham globallashuvning bunday imkoniyatlaridan foydalanib, jahon hamjamiyatiga yanada tezroq integratsiyalashmoqda va xalqaro axborot almashish jarayonlarida faol qatnashmoqda. Ammo globallashuv jarayonida "jabrlanuvchi"ga aylanib qolmaslik uchun O'zbekiston ijtimoiy ongni va milliy OAVni tezroq erkinlashtirishi, axborot bo'shlig'i yuzaga kelishiga yo'l qo'ymasligi lozim.
|
|
|
|