|
Uyali telefon tarixi
|
1973 yil 3 aprel. Havo biroz bulutli.
Nyu-Yorkning Manxetten qismidagi ko'chalardan birida qo'lida kichikroq chamadon ushlab olgan, yaxshi kiyingan, o'rta yoshlardagi bir kishi aylanib yurardi.
Binolardan birining oldiga kelgach, u to'xtab, chamadon ichidan hajmi va shakliga ko'ra g'ishtni eslatuvchi narsani oldi va bu "g'isht"ga qo'li bilan nimalardir qildi-da, uni qulog'iga tutdi. "Allo! Salom, Joel. Ofisingizning old ko'rinishi juda chiroyli ekan, shuni senga aytmoqchi edim. Qaerdaman? Ha, menmi? Men sening oynang oldida turibman, Joel". Trubkadan avval bir kishining alam bilan so'kingani, keyin esa telefonning qisqa ovozlari eshitildi.
Dunyo tarixidagi uyali telefondan birinchi qo'ng'iroq ana shunday tarzda amalga oshirilgan, chamadon ko'targan inson Motorola korporatsiyasining mobil aloqalar bo'limi rahbari Martin Kuper edi. Telefonda esa u Joel Engel - AT&T Bell Labs kompaniyasining tadqiqotlar bo'limi boshlig'i bilan gaplashgandi. Bu ikki kompaniya birinchi bo'lib uyali telefon apparatini yaratish ustida 10 yil davomida ish olib borgan, oxir-oqibat bu kurashda Motorola kompaniyasi yengib chiqqan edi.
1973 yilda Motorola kompaniyasi hajmi va shakli jihatdan ancha ixcham apparat yaratishga muvaffaq bo'lgandi. To'g'ri, bu birinchi "kichkintoy" hozirgi qo'l telefonlariga umuman o'xshamas edi. Bo'yi 25 sm, eni 15 sm va qalinligi 5 sm, o'zi 1 kg bo'lgan bu telefonga Dyna-Tac deb nom berishgan. Old qismida 12 ta tugmacha bo'lib, ulardan 10 tasi raqamlar, qolgan 2 tasi qo'ng'iroq qilish va aloqani tugatish uchun xizmat qilgan. Ekran ham, qo'shimcha funktsiyalar ham unda mavjud emasdi. Dyna-Tacning akkumulyatori 35 daqiqaga yetgan, ammo buning uchun batareykani kamida 10 soat zaryadlash kerak bo'lgan. Shu sababli, aloqa sifati nisbatan yuqori bo'lishiga qaramay, ommaviy ishlab chiqarish uchun uni hali ancha takomillashtirish lozim edi. Va AMPS standartidagi birinchi ommaviy uyali telefon oradan o'n yil o'tgach, 1983 yilning 6 mart kuni yuzaga keldi. Biroq keyin tashabbusni yana yevropaliklar qo'lga oldi.
Mikroprotsessorlar yaratilgach, skandinav olimlar o'zlarining NMT standarti ustida yana ish boshlab yuborishadi. Tizimni takomillashtirish jarayonida 40 dan ortiq firmalar ishtirok etadi. Ularning o'zaro hamkorlikdagi harakatlari natijasida, ko'p o'tmay yangi aloqa tizimining baza stantsiyalari, aloqa uzatgichlar va mobil telefonlar yaratiladi. Tadqiqotlarda eng faol qatnashgan kompaniya Ericsson edi. Qizig'i shundaki, skandinavlarning ilk mobil telefoniya tizimi avval Saudiya Arabistonida ishga tushiriladi. Keyinroq NMT-450 tizimining premerasi o'zining tarixiy vatanida bo'lib o'tadi. Nima bo'lgan taqdirda ham, 1983 yildan boshlab hozirgi avlod uyali aloqasi tarixining ilk sahifalari ochildi.
Darhaqiqat, NMT-450, keyinroq esa NMT-900 standartlari Ericsson Hotline va Curt singari ixcham, hajmi jihatdan hozirgi apparatlarni eslatuvchi birinchi mobil telefonlarni yaratish imkonini berdi. Dastlab bu apparatlarni politsiya xodimlari uchun 300 dona ishlab chiqish ko'zda tutilgan, ammo keyin reja birdan o'zgaradi va ular ommaviy ravishda ishlab chiqarishga qo'yiladi. Aynan shu davrga kelib, mobil telefonlar sohasida keskin raqobat ham paydo bo'ldi. Bozorga yangi o'yinchi - Nokia kompaniyasi o'zining Mobira Cityman apparati bilan kirib keldi.
Keyinroq - 80-yillarning oxiriga kelib telekommunikatsiya kompaniyalari butun Yevropa bo'yicha yagona aloqa standarti yaratish taklifi bilan chiqadi. Dastlab har bir tomon o'zining standartini ilgari sura boshladi. Skandinaviya va Benilyuks mamlakatlari NMT standartini, Germaniya C-Netz, frantsuzlar Radiocom-2000, italyanlar esa RTMI/RTMS standartini yagona tarmoq sifatida ko'rishni xohlardi. Nihoyat, bir to'xtamga kelish uchun G'arbiy Yevropadagi davlat telekommunikatsion korxonalari GSM - Group Speciale Mobile tarmog'ini shakllantiradi. GSM ishtirokchilari telefonlar va ularning stantsiyalarini ishlab chiqarishda yagona yondashuvni ishlab chiqishga muvaffaq bo'ladilar. Yangi tizim o'zida avvalgi barcha tarmoqlarning barcha ijobiy jihatlarini mujassamlashtirardi. Shunday qilib, uyali aloqaning ikkinchi avlodi bo'lmish GSM dunyoga keladi.
Uni ro'yobga chiqarish uchun yana bir necha yil kerak bo'ldi va 1990 yildagina Finlyandiyaning Radiolinia kompaniyasi dunyodagi birinchi GSM tarmog'ini ishga tushiradi. Bir yil o'tgach, xuddi shunday tarmoqlar boshqa skandinav mamlakatlarida ham paydo bo'ladi. Garchi boshida GSM-operatorlar va abonent terminallari juda qimmat bo'lsa-da, ular faoliyat ko'rsata boshlaganidan so'ng bir yil ichida Skandinaviya davlatlarida ulanganlar soni 1 milliondan ortib ketdi. Telefon ishlab chiqarish sanoati ham tobora rivojlanib borar va bu ularning hajmi, og'irligining kamayishiga, yangi imkoniyatlar ochilishiga turtki bo'ldi. 1996 yilda Nokia nafaqat qo'ng'iroq qilish, balki elektron pochta, faks yuborish va internetga ham ulash imkonini beruvchi birinchi Communicatorni tanishtirdi. Huddi o'sha yili Motorola og'irligi 90 gram bo'lgan afsonaviy telefon-kitobcha StarTac-GSMni ishlab chiqara boshladi. Ozgina vaqt o'tgach, Philips bitta zaryad bilan 350 soat ishlay oladigan Philips-Sparkni ommaga namoyish qildi. 1998 yilda Yaponiyaning Sharp kompaniyasi sensorli, ya'ni "sezuvchi" ekranli Sharp PMC1 Smartphone bilan hammani hayratga soldi. 1999 yildan boshlab uch o'lchamli tasvirni ko'rsata oluvchi Motorola L7089 va Ericsson T28s apparatlari paydo bo'ldi. Aynan o'sha yil Nokia-7110 modelida WAP (rasmlar, musiqani yuborish imkonini beradigan tizim) texnologiyalari o'z aksini topdi.
Hozirgi kunda dunyo bo'yicha uyali aloqa abonentlari soni 2 milliarddan oshib ketdi. Wireless Intellegence agentligi mutaxassislari mobil aloqa bozorini tadqiq qilib, ana shunday natijalarni oldi. Uyali aloqadan foydalanuvchilar sonining bunday yuqori sur'atlar bilan o'sishi asosan Xitoy, Hindiston, Sharqiy Yevropa, Lotin Amerikasi, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika mamlakatlari tomonidan ta'minlanmoqda. Sayyoramizdagi 6,5 milliard odamning uchdan bir qismi uyali aloqa abonentidir. Aytib o'tish kerakki, mobil aloqadan foydalanuvchilarning haqiqiy soni biroz kamroq bo'lishi ham mumkin. Chunki bir odam ayni paytda bir necha operatorlar xizmatidan foydalanayotgan bo'lishi ehtimoldan holi emas.
Uyali aloqa apparatlarini ishlab chiqaruvchi yetakchilar haqida aytib o'tsak, Gartner kompaniyasi tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko'ra, shu yilning birinchi choragida butun dunyoda sotilgan mobil telefonlarning 31,9 foizi Nokia tomonidan ishlab chiqarilgan. Ikkinchi o'rinni dunyo bozoridagi 17,9 foiz ulushi bilan Amerikaning Motorola kompaniyasi, uchinchi o'rinni Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi (12,8 foiz) egallab turibdi.
|
|
|
|