|
Xorazm Ma'mun Akademiyasini.
|
VIII asr oxiri IX asr boshlarida xalifalikning markazi Bag`dodda ilm-fan rivojlandi. Xalifa Xorun ar-Rashidning o`limidan so`ng (813 yil), uning o`g`li al-Ma'mun xalifa etib tayinlandi. U xalifa sifatida Bag`dodga ko`chgach (819 yil), u yerda ilmiy Markaz tashkil etib, unda barcha musulmon o`lkalardan olimlarni to`pladi. Bu ilmiy Markaz tarixda "Bayt ul-hikma" ("Donishmandlar uyi") nomi bilan mashhurdir.
Bu yerda asosan riyoziyot, tibiyot, ilmi-nujum, jo`g`rofiya, astrologiya, handasa va shunga o`xshash boshqa fanlar o`rgatilgan.Xorazmshoh Ma'munning o`g`li Ali ibn Ma'mun taklifi bilan 1004 yilda Gurganchda (Qo`hna Urganch) "Dorul hikma va maorif" nomli ilmiy muassasa shakllanadi. Bu yerga ibn Iroq va Beruniyning takliflari bilan har tarafdan olimlar kela boshlaganlar. Bu yerda ilmning barcha sohalari bo`yicha ilmiy izlanishlar olib borilgan. Yunon tillaridan tarjimalar ham qilingan.
XVIII asr frantsuz entsiklopedistlari al-Ma'mun faoliyatini va Bag`doddagi "Bayt ul-hikma"ning faoliyatini o`rganib chiqib, uni Afinadagi Platon Akademiyasiga juda o`xshatganlar va "Bayt ul-hikma"ni "al-Ma'mun Akademiyasi" deb ataganlar. Gurganchdagi "Dorul-hikma" esa "Ikkinchi Akademiya" bo`lib qoldi.
Ma'mun Akademiyasining faoliyati 1017 yilda Mahmud G`aznaviy bosqini tufayli tugatiladi.Mustaqilligimiz sharofati tufayli Prezidentimizning tashabbusi bilan bu Akademiya qayta tiklandi. Prezidentimizning Xiva shahrining 2500 yillik tantanalarida so`zlagan nutqlarida Xorazm Ma'mun Akademiyasini qayta tiklash haqidagi taklifi va 1997 yil 11 noyabrdagi Farmoni bilan Xiva shahrida Xorazm Ma'mun Akademiyasi qaytadan tashkil qilindi.
Hozirda Xorazm Ma'mun Akademiyasi tarkibida "Arxeologiya, tarix va falsafa", "Biologiya muammolari" va "Til va adabiyot" bo`limlari faoliyat ko`rsatmoqda. Akademiyaga Urganch Davlat universiteti rektori, akademik Sadullaev Azimboy Sadullaevich rahbarlik qilmoqda. Unga ilmiy ishlar bo`yicha rais muovini, biologiya fanlari doktori, professor Safarov Karimjon Safarovich yordam bermoqda. Akademiyada ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishda 31 ilmiy xodim, 5 fan doktori va 9 ta fan nomzodlari qatnashmoqdalar.
"Arxeologiya, tarix va falsafa" bo`limida uchta mavzu-"Xorazmda qadimgi va o`rta asrlar o`zbek davlatchiligi tarixi", "O`zbek xalqining etnik tarixida Xorazm vohasining o`rni", "IX-XIII asrlarda Xorazmda ilmiy-madaniy ko`tarilish jarayonida Xorazm Ma'mun Akademiyasining tarixiy xizmati", "Til va adabiyot" bo`limida esa "IX-XIII asrlarda Movarounnahr va Xorazmdagi adabiy va lisoniy muhit" mavzusi bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi.
"Arxeologiya, tarix va falsafa" bo`limida 21 ta, "Til va adabiyot" bo`limida 16 ta, "Biologiya muammolari" bo`limida 15 ta ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalar, risolalar chop etildi. Shuningdek, turli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Olimlarimizning izlanishlari natijasida Xorazm viloyatida amarantning 4 turi va soyaning 2 navi o`stirildi. Amarant biomassasidan senaj va silos tayyorlash bo`yicha tavsiyalar tayyorlandi. Shuningdek, amarant urug`laridan kraxmal olish usuli ishlab chiqildi va patent olish uchun zarur hujjatlar tayyorlandi. Dukkakli don ekinlaridan 11, poliz ekinlaridan 5, moyli ekinlardan 4, yuksak suv o`simliklaridan 3, texnik ekinlardan 6 ta navlari viloyatimiz qishloq xo`jaligida qo`llanishga tavsiya qilindi.
Xalqaro hamkorlik aloqalari haqida ham aytib o`tish joiz: Rossiya Fanlar Akademiyasi va qozog`istonlik olimlar bilan "Yangi va noan'aviy o`simliklar hamda ulardan foydalanishning istiqbollari", turkmanistonlik olimlar bilan Orolbo`yi hududidagi dehqonchilik muammolari bo`yicha hamkorlik davom etyapti. Biotexnologiya va tabiiy mahsulotlar Xalqaro Akademiyasi bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi. "Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o`rganish" Frantsiya instituti bilan ilmiy aloqalar keng yo`lga qo`yilganligi esa ayniqsa quvonchlidir. "Til va adabiyot", "Arxeologiya, tarix va falsafa" bo`limlarida olib borilgan va yakunlangan ilmiy-tadqiqot ishlari ham shu paytgacha mavjud bo`lgan ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat manbalarini boyitishga xizmat qilishi e'tirof etildi. Bular, albatta, bizning dastlabki yutuqlarimiz va biz ularni muttasil ko`paytirib borish zarurligini doimo his qilib turibmiz.
2000 yilning fevral oyidan boshlab bioximiya, o`simliklar fiziologiyasi ixtisosliklari bo`yicha nomzodlik dissertatsiyalari tayyorlashga ruxsat qilindi. Yaqin orada boshqa fanlar bo`yicha ham aspiranturaga qabul qilinadi.
Respublika va xalqaro miqyosda yirik anjumanlar bo`lib o`tmoqda. "Ekosan"- Ekologiya va salomatlik xalqaro jamg`armasi, Xorazm viloyati hokimligi, Ma'mun Akademiyasi va "Ekosan" Toshkent klubi bilan hamkorlikda "Xorazm vohasi ijtimoiy ekologik taraqqiyotidagi muammolar va uning istiqbollari", shuningdek nufuzli tashkilotlar va o`quv yurtlari bilan hamkorlikda Xorazmda ilk davlatchilikning vujudga kelishi va bu borada olib borilayotgan tadqiqotlar, buyuk vatandoshlarimiz Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi, Ogahiy tavalludining 190 yilligini, "Avesto" asari yaratilganligining 2700 yilligi, "Jahon madaniyati xalqaro tinchlik uchun" mavzularidagi ilmiy-amaliy anjumanlarni alohida ta'kidlab o`tishni istardim. Mamlakatimiz taraqqiyotiga, tinchlikni mustahkamlashga oid bunday anjumanlar o`tkazish bundan buyon ham diqqat markazimizda bo`ladi.
Akademiyaning "Nashriyot va matbaa birlashmasi" da olimlarimizning ilmiy izlanishlari, monografiyalar, ilmiy to`plamlar, aspirantlarning dissertatsiya ishlari, akademiyaning muhim hujjatlari endilikda o`zida chop etiladi.
Hozirgi davrdagi muammolar: zarur manbalar, adabiyotlar "Arxeologiya, tarix va falsafa", "Til va adabiyot" bo`limlari ish samaradorligini oshirish uchun shu fanlarga oid kitoblar, qo`lyozma manbalarini Rossiya, Angliya, Turkiya, Misr, Eron, Pokiston, Ozarbayjon kabi mamlakatlardan keltirish masalasini hal qilish zarur. Internet tizimiga ulanib, sohalar bo`yicha yetakchi ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashni davr taqozo etyapti. Tajriba ishlab chiqarish bazasini mustahkamlash maqsadida texnika vositalari kerak. Bozor iqtisodiyoti sharoiti davrida Xorazm viloyatida qishloq xo`jaligini keskin rivojlantirish, ekologik muhitni yaxshilash, aholi salomatligini tiklash va mustahkamlash o`ta hayotiy, kechiktirib bo`lmas vazifa ekanligini nazarda tutib, Xorazm Ma'mun Akademiyasi tarkibida "Qishloq va suv xo`jaligi", "Ekologiya va tibbiyot" bo`limlarini tashkil etish nihoyatda zarur. (Xorazm Ma'mun Akademiyasi raisi muovini, biologiya fanlari doktori, professor K.S.Safarovning jurnalistlarga bergan intervyusidan olindi).
Xorazm Ma'mun Akademiyasi to`g`risida to`liq ma'lumotni www.mamunacademy.narod.ru saytidan olishingiz mumkin.
|
|
|
|